Астрид Линдгрен – Mio, bolajonim Mio (страница 3)
– Yum-Yum, kechki ovqatni unutmadingmi? – Bu Yum-Yumning onasi edi.
U eshikdan tabassum qilgancha chiqdi. Shunda ayolning sal yoshroq ko‘rinishini hisobga olmasa, Lundin xolaga quyib qo‘ygandek o‘xshashini ko‘rdim. Yonoqlaridagi chuqur kuldirgichlar xuddi Lundin xolanikidek edi. Ayol ikki yuzimdan ushladi, xuddi Lundin xoladek.
– Xayrli kun, Mio! Yum-Yum bilan kechki ovqatni birga qilishni istaysanmi?
– Xursand bo‘lardim, – deya javob berdim, – albatta, agar sizlarni bezovta qilmasam.
U sira xijolat bo‘lmasligimni aytdi. Yum-Yum va men stolga o‘tirdik, uning onasi esa qulupnayli murabbo, sut va quymoqlar olib keldi. Yum-Yum ikkovimiz, sal qolsa bo‘kib qolardik. Oxirida bir-birimizga qarab, kulib yubordik. Yum-Yumdek do‘st topganimdan quvonib ketdim!
Tuyqusdan oq qush kelib, likopchamdagi quymoqning bir bo‘lagini tumshug‘ida olib ketdi va biz yanada qattiqroq kulib yubordik.
Otam biz tarafga qarab kelardi. Meni ko‘rib qoldi-da, to‘xtadi.
– Bolajonim Mio, xursand ko‘rinasan? – so‘radi otam.
– Ha, kechirasiz! – kechirim so‘radim men. Balki, qirolga Siksten amaki va Edlya xoladek baland ovozda kuladiganlar yoqmas, deya o‘ylagandim-da.
– Maza qilib kul, – dedi otam. So‘ngra bog‘bonga qarab: – Menga qushlar sayrog‘i, kumush teraklarning jarangli ovozi yoqadi, lekin hammasidan ham bog‘imda yangrayotgan o‘g‘limning kulgisini ko‘proq yaxshi ko‘raman, – dedi.
Va birinchi bor otamdan hayiqmaslik kerakligini angladim. Nimaiki ish qilmayin, u muloyim va mehribon ko‘zlari bilan menga boqib turardi, xuddi hozirgidek. Otam bog‘bonning yelkasidan quchgancha turar, oppoq qushlar uning boshi uzra charx urishardi. Shu narsani tushunib yetgach, xursand bo‘lganimdan boshimni orqaga tashlab, shunday baland kuldimki, hatto qushlar cho‘chib ketishdi.
Yum-Yum, aftidan, meni haliyam quymoq bo‘lagini olib qochgan qushning ustidan kulyapti, deb o‘yladi va u ham qo‘shilib kula boshladi. Bizning quvonchimiz otam va Yum-Yumning ota-onasiga ham «yuqdi». Ular nimaga kulishganini bilmadim-u, lekin men shunday mehribon otam borligidan chin yurakdan xursand edim.
Miriqib kulgach, Yum-Yum bilan bog‘ bo‘ylab yugurdik, umbaloq oshdik, atirgul butalari orasida berkinmachoq o‘ynadik. Bog‘da yashirinadigan joylar shunchalik ko‘p ekanki, Tegner bog‘idagidan o‘n baravar ziyod. Bu men va Benkaga yetib, ortib ham qolgan bo‘lardi. To‘g‘rirog‘i, Benkaga yetardi. Axir endi Tegner bog‘ida yashirinadigan joy izlashimga hojat qolmagani kundek ravshan-ku.
Qorong‘i tushdi. Bog‘ uzra yengil moviy tutun yoyildi. Inlariga yashiringan oppoq qushlar tinchib qolishdi. Kumush teraklar jaranglashdan to‘xtadilar. Bog‘ni sukunat qurshadi. Faqatgina terakning eng uchida katta qora qush turar va sayrardi. U barcha oq qushlardan yoqimliroq sayrar, nazarimda u faqatgina men uchun kuylayotgandek edi. Biroq bir vaqtning o‘zida quloqlarimni berkitishni, qushni tinglamaslikni istardim: uning qo‘shig‘i qalbimda qayg‘u uyg‘ota boshlagandi.
– Oqshom ham cho‘kdi, hademay tun bo‘ladi, – dedi Yum-Yum. – Uyga qaytishim kerak.
– To‘xta, ketma, – iltimos qildim men. Bu g‘ayrioddiy qush bilan yolg‘iz qolgim kelmayapti. – Yum-Yum, bu qanaqa qush o‘zi? – qora qushni ko‘rsatib, so‘radim.
– Bilmayman, men uni Kuyinchak qush deb atayman, qara, xuddi motam libosi kiygandek qop-qora, buning ustiga shunday dardli sayraydiki. Lekin boshqacha nom bilan ham atash mumkin.
– Yo‘q shart emas, juda ham mos tushadigan ism ekan, – deya e’tirof etdim.
– Bu qushni juda yaxshi ko‘raman, – dedi Yum-Yum, – ko‘zlari shunday mehrliki… Xayrli tun, Mio! – u men bilan xayrlashib, yugurib ketdi.
Biz bog‘dan chiqishga ulgurmay, qush o‘zining katta qora qanotlarini qoqqancha g‘iz etib yuksakka uchib ketdi-qoldi.
Osmonda uchta mitti yulduz porlagandek tuyulib ketdi shu onda.
Miramis
Qiziq, Benka mening oltin yolli, oltin tuyoqli oq tulporim – Miramisni ko‘rganda, nima degan bo‘lardi?
Benka ikkimiz otlarni nihoyatda yaxshi ko‘ramiz. Uplandsgatan ko‘chasida yashaganimda nafaqat Benka va Lundin xola bilan do‘st edim, yana bir do‘stim haqida gapirish sal qolsa yodimdan ko‘tarilibdi. Uni Kalle-Olifta derdilar. U pivopazlik zavodining aravaga qo‘shiladigan qari oti edi.
Haftasiga bir necha marta Uplandsgatandagi do‘konga pivo keltirishardi. Maktabga borayotganimda har safar Kalle-Olifta bilan hech bo‘lmasa bir necha daqiqa suhbatlashish uchun to‘xtardim. U judayam yuvosh va mehribon ot bo‘lib, har safar qand va non bo‘lagi bilan qadrdonimni mehmon qilardim. Benka ham xuddi shunday qilardi, axir u Kalleni mendan kam yaxshi ko‘rmasdi. U Kalle – mening otim, derdi, men esa aksini aytardim; ba’zida Kalle tufayli bir-birimizdan arazlardik. Ammo Benka eshitmaydigan tovushda Kallening qulog‘iga shivirlardim: «Sen baribir mening otimsan». So‘zlarimni tushungandek Kalle-Olifta men tomonga qiyshayib qarardi. Benkaga ot nega kerak? Axir uning ota-onasi va ko‘ngliga yoqadigan yana ko‘p narsalari bor. Biroq, to‘g‘risi shuki, Kalle-Olifta bizga emas, pivo zavodiga tegishli edi. Biz esa otga o‘zimizniki kabi muomala qilardik. Rosti, vaqt o‘tgan sari bunga o‘zim ham ishona boshlagandim.
Bir marta Kalle bilan gaplashib hatto maktabga ham kechikkanman, o‘qituvchi sababini so‘raganda esa nima deb javob berishni bilmaganman. O‘qituvchiga shunchaki qari ot bilan gaplashib, qolib ketdim, deyolmasdim, axir.
Bir kuni erta tongda pivo ortilgan arava ko‘chada hadeganda paydo bo‘lavermagach, Kalle-Olifta bilan ko‘rishmasdan maktabga ketishimga to‘g‘ri keldi. Izvoshchining sustkashligidan juda jahlim chiqqandi. Partada o‘tirgancha, cho‘ntagimdagi non va qand bo‘laklarini aylantirarkanman, Kalleni juda sog‘inganimni, u bilan ko‘rishish uchun yana bir necha kun kutishimni o‘ylab, xafa bo‘ldim. Shunda o‘qituvchim so‘rab qoldi:
– Nima bo‘ldi, Busse? Xafa ko‘rinasan, tinchlikmi?
Jim edim, nima deb javob berardim? O‘qituvchi ayol Kalleni qanchalik yaxshi ko‘rishimni tushunarmidi?
Endi, Kalle butunlay Benkaga tegishli. To‘g‘risi ham shu-da! Kalle-Olifta meni sog‘inganda Benkani ovuta qolsin.
Menda esa oltin yolli Miramis bor. U hech kutilmaganda mening tulporimga aylandi.
Bir kuni kechasi otam bilan suhbatlashib, planerlar yasar ekanmiz (xuddi Benka va uning otasidek), u kishiga Kalle haqida gapirib berdim.
– Bolajonim Mio! Otlarni yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, – otam menga nimadir yetishmayapti, deb o‘ylamasligi uchun iloji boricha beparvo javob berishga harakat qildim.
Ertasi kuni esa ota-bola bog‘da aylanib yurar ekanmiz, atirgul butalari oralab oppoq tulpor men tomonga chopib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Bunaqa chiroyli yo‘rg‘ani hech qachon ko‘rmagandim. Oltin yollari shamolda o‘ynar, tilla tuyoqlari esa quyoshda tovlanardi. Tulpor yonimda to‘xtadi va quvnoq kishnadi. Ilgari bunday shiddatli kishnashni eshitish menga nasib etmagandi. Sal hadiksirab otamning pinjiga kirib oldim. Ammo otam tulporning yolidan mahkam tutgach, u tek turdi. So‘ngra muloyim burni bilan qand topish umidida cho‘ntagimni iskadi. Kalle-Olifta ham xuddi shunday qilardi. Baxtiga cho‘ntagimda anchadan beri qand bo‘lagini olib yurardim. Albatta, eski odatim bo‘yicha uni cho‘ntagimga solganman. Tulpor uni topdi va kumur-kumur ovoz chiqarib yedi.
– Bolajonim Mio! Bu sening tulporing. Laqabi Miramis.
Mening Miramisim! Bir ko‘rishdayoq senga mehrim tushdi. Butun dunyoni aylanib chiqsam ham sendek go‘zal arg‘umoqni topolmasligim aniq. Va Miramis horg‘in qariya Kallega mutlaqo o‘xshamasdi. Toki Miramis chiroyli boshini ko‘tarib, menga qaramaguncha hech bir o‘xshashlik sezilmagandi. O‘shanda tulporimning ko‘zlari ikki tomchi suvdek Kallening ko‘zlariga o‘xshashiga guvoh bo‘ldim. Sadoqatli ko‘zlar, barcha tulporlarda bo‘lganidek.
Umrimda otda yurmagandim. Otam esa meni ko‘tarib, Miramisga mindirdi.
– Bilmadim, eplay olarmikinman?!
– Bolajonim Mio! Axir ko‘ksingda bahodirning yuragi urib turibdi.
Bog‘da yurarkanman, jilovni zo‘rg‘a ushlab turar, teraklarning shox-shabbalari, kumush barglari sochimga ilashib qolardi.
Miramis borgan sari tezroq chopar, eng baland atirgul butalari orasidan o‘tardi. Faqat bir safar buta devorga sal tegib o‘tdi va atirgul yaproqlari boshimiz uzra sochilib ketdi.
Shu payt bog‘da Yum-Yum paydo bo‘ldi. Meni ko‘rib, qarsak chalib, qichqirib yubordi:
– Mio Miramisni boshqaryapti! Mio Miramisni boshqaryapti!
Men Yum-Yumdan otda sayr qilishni istaysanmi, deya so‘radim. Albatta, istaydi-da! Darrov otga sakrab, orqamga o‘tirib oldi. Va biz atirgul bog‘idan so‘ng yoyilgan yashil maysazor uzra ot choptirdik. Hayotimda bundan ortiq lazzatni his etmagandim.
Otamning saltanati bepoyon bo‘lib, Uzoq Mamlakat esa uning tasarrufidagi eng kattasi hisoblanardi. U ham shimol-u janub, ham g‘arb-u sharqqa qadar cho‘zilgandi. Qirol qasri joylashgan orol esa Yashil Dalalar Oroli, deb nomlanarkan.
– Fordning4 narigi tomonida, tog‘lar ortida Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurti joylashgan. Ularga ham otang hukmronlik qiladi! – qichqirdi Yum-Yum yashil dalalardan yelib borarkanmiz.
Tevarak juda go‘zal edi. Yumshoq barra o‘t, rang-barang gullar, zumrad adirlar bag‘rida oppoq momiq qo‘zichoqlar shodon o‘tlashardi. Cho‘pon bola fleytada5 mo‘jizaviy kuyni ijro etar, u kuyni qachondir, qayerdadir eshitgandek edim-u, ammo sira yodimga kelmasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha kuyni Uplandsgatan ko‘chasida eshitmaganim aniq edi.