реклама
Бургер менюБургер меню

Астрид Линдгрен – Mio, bolajonim Mio (страница 2)

18

Ruh bosh chayqadi. Shu tobda unga oltin olmani uzatdim va ruh xitob qildi:

– Qo‘lingda sehrli belgi bor-ku! Axir sen qirolimiz uzoq yillardan buyon izlayotgan odamsan-ku!

Ruh egilib, meni bag‘riga bosdi. Tevaragimizda nimadir jaranglaganday bo‘ldi va biz uchib ketdik. Pastda esa Tegner bog‘i, qorong‘i o‘rmon va uylar bor edi. Chiroq nuri porlab turgan derazalar ortida bolalar otalari, onalari bilan kechki ovqat tanovul qilishar, men Bu Vulxelm Ulson esa yuksaklarda, yulduzlar o‘lkasida edim.

Qayerdadir pastda bulutlar suzar, biz chaqmoqdan tezroq, momaqaldiroq va toza bo‘rondan ilgariroq borardik. Atrofimizda quyosh, oy va yulduzlar yog‘du sochishardi. Ba’zida zulmat qa’riga kirib ketardik. So‘ng shu qadar yorqin nur bizni qamrab olardiki, munavvarlikdan hatto ko‘zlarimiz zo‘rg‘a ko‘rardi.

– Tun-u kun yo‘lda, – shivirladim men. Otkritkada aynan shunday yozilgandi.

Ruh qo‘lini cho‘zgancha pastga – dengizning tiniq moviy suvi yuvib turgan, quyoshning zarrin nurlarida go‘yo erkalanayotgan yashil dalalarga ishora qildi.

– Qara, ho-ov, ana, Uzoq Mamlakat.

Biz pastlay boshladik va orolga borib qo‘ndik. Ha, bu o‘sha, dengizda suzib yurgan orol edi. Tevarak-atrof minglab atirgul va nilufarlarning xushbo‘y iforiga ko‘milgan, qayerdandir nihoyatda go‘zal, bu dunyodagi hech bir kuyga qiyos etib bo‘lmaydigan musiqa taralardi.

Biz qo‘ngan dengiz qirg‘og‘iga yaqin yerda ulkan, oq marmardan qilingan hashamdor qasr qad rostlagandi.

Kimdir qirg‘oq bo‘ylab biz tarafga yugurib kelar, u naq qirolning o‘zginasi edi. Unga qararkanman, aynan o‘sha kishi mening otam ekanligini tushundim. Qalbimdagi bu tuyg‘uga zarracha ham shubha qilmadim. Mening otam qirol. U qulochini keng yoydi va men otamning quchog‘iga otildim…

Qaniydi Edlya xolam otamni ko‘rganida! U qanday ko‘rkam! Oltin iplardan tikilgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ko‘ylagini aytmaysizmi?! U Benkaning otasiga o‘xshab ketar, faqat undan chiroyliroq edi. Afsus, Edlya xolam bu manzaraga guvoh bo‘lganida edi, otam muttaham, kazzob emasligini darrov tushunib yetgan bo‘lardi.

Ammo u kishi bir narsani to‘g‘ri aytgandi: onam chindan ham men tug‘ilishim bilan vafot etgan ekan. Yetimxonaning ahmoq xodimlari esa otamga qayerda ekanligimni xabar qilishni unutishgan. Qirol-otam meni naq to‘qqiz yildan beri izlayotgan ekan. Topilganimdan shu qadar xursand edimki!

Anchadan buyon Uzoq Mamlakatda yashab kelmoqdaman. Har kunim xursandchilik. Oqshomlari otam xonamga keladi va biz birgalikda planerlar yasaymiz, uzoq suhbatlashamiz.

Tobora ulg‘aymoqdaman. Bu yerda yashash zo‘r. Qirol-otam har oyda oshxona eshigiga bo‘yimni o‘lchab, belgi qo‘yadi.

– Bolajonim Mio, bo‘ying ancha cho‘zilibdi, – deydi u har safar yangi belgi qo‘yganimizda.

– Bolajonim Mio, seni naq to‘qqiz yil izladim, – otamning ovozi juda yoqimli eshitilardi.

Ma’lum bo‘ldiki, ismim Busse emas ekan. Busse ismi xuddi Uplandsgatandagi hayotim singari haqiqiy bo‘lib chiqmadi. Endi, hammasi joy-joyiga tushdi. Otam va men bir-birimizni juda yaxshi ko‘ramiz.

Benka bularning barchasi haqida bilganida qanday zo‘r ish bo‘lardi-ya… Shisha olaman-da, maktub yozib, ichiga solaman. So‘ng, og‘zini mahkam berkitib, Uzoq Mamlakat yerlarini yuvib turgan dengizga otaman. Va bir kun kelib, Vaksxolmdagi dala hovlida ota-onasi bilan dam olayotgan, dengizda cho‘milayotgan Benkaning ko‘zi suzayotgan shishaga tushadi. Men bilan sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida Benka bilsa, juda qiziq bo‘lsa kerak, a?! U politsiyaning navbatchi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, aslida ismi Mio bo‘lgan Bu Vilxelm Ulson Uzoq Mamlakatda, otasining qasrida shod-xurramlikda yashayotganligi haqida xabar berishi ham mumkin.

Atirgullar orasida

To‘g‘risini aytsam, Benkaga nima haqida yozishni ham bilmayman. Boshdan kechirganlarim dunyoda sodir bo‘lgan hech bir sarguzashtga o‘xshamaydi. Qancha o‘ylamayin, kerakli so‘zlarni topa olmadim. Balki, mana bunday yozarman: men bilan eng hayratomuz hodisalar yuz berdi. Ammo bu so‘zlardan Benka Uzoq Mamlakatdagi hayotim haqida hech narsa bila olmaydi axir. Qirol-otam, qirollikdagi atirgullar bog‘i, yangi do‘stim Yum-Yum, ko‘rkam tulporim Miramis va Yot O‘lkada yashovchi qahri qattiq ritsar Kato haqida so‘zlab berish uchun butun boshli shishalar qo‘shinini dengizga tashlashim kerak. Yo‘q, hammasini aytib berishning iloji yo‘q ekan.

Birinchi kunning o‘zidayoq otam meni bog‘ga boshlab borgandi. Oqshom tushgan, mayin shamoldan daraxtlardagi yaproqlar shitirlardi. Bog‘ga yaqinlasharkanmiz, go‘zal musiqa eshitildi. Xuddi minglab billur qo‘ng‘iroqchalar chalinayotgandek edi. Musiqani tinglarkanman, yuragim titrab ketdi.

– Kumush teraklarimning kuyini eshityapsanmi? – so‘radi otam.

U meni ko‘tarib oldi. Edlya xola va Siksten amaki meni hech qachon qo‘llarida ko‘tarishmagan, umuman, hech kim men bilan bu taxlit yurmagandi. Shuning uchun, garchi ancha ulg‘aygan bo‘lsamda, otam meni ko‘tarib olganda, suyunib ketaman.

Bog‘ baland tosh devor bilan o‘rab olingandi. Otam eshikni ochdi va biz ichkari kirdik.

Qachondir, ancha vaqt oldin Benka bilan Vaksxolmdagi dala hovliga borishimga ruxsat berishgandi. Biz u bilan qoyadagi o‘yiqqa o‘tirgancha baliq ovlagandik. Osmon alvonrangga burkangan, suv go‘yo qotib qolgan, harakatsiz edi. Na’matakning yorqin, qizg‘ish gullari yovvoyi qoyalar orasidan ko‘zga chalinardi. Uzoq-uzoqlarda, ko‘rfazning narigi tarafida bor ovozi bilan kakku sayradi. Kakkuning qo‘shig‘i bilan atrof yanayam go‘zallashgandek tuyulgandi. Benkaga bu haqda aytmadim, ustimdan kulishini istamagandim, garchi olamda bundan ortiq go‘zallik yo‘qligiga qattiq ishongan bo‘lsam ham.

Lekin unda otamning bog‘ini hali ko‘rmagandim. Unda hali to‘lqinlari turfa ranglarda jilvalanayotgan dengizdek atirgullarni, shamolda tebranayotgan oppoq nilufarlarni ko‘rmagandim. Kumushrang bargli, osmonga tegay-tegay deb turgan baland teraklar meni o‘ziga maftun etmagandi. Oqshom tushganda, yulduzlar xuddi teraklar uchiga osilgandek taassurot qoldirardi. Bog‘ uzra parvoz qilib yurgan oppoq qushlar-chi… teraklardan taralayotgan kuy, o‘sha qushlarning sayrog‘idan yoqimliroq narsani hayotimda eshitmaganman. Otamning bog‘ida men ko‘rgan ajoyibotlardan go‘zalrog‘ini ko‘rish hali hech kimga nasib etmagan bo‘lsa kerak. Otamning qo‘lidan tutgancha harakatsiz turardim, otam esa yuzlarimdan yengil chimchilab, dedi:

– Bolajonim Mio, bog‘ senga yoqdimi?

Javob berishga kuchim yetmasdi. Meni umuman noma’lum tuyg‘u chulg‘ab olgandi. Garchi baxtli bo‘lsam-da, yuragimni qayg‘u qamrab olgandek edi.

Otamga bu holatimni sezdirmaslik uchun darrov uni quchoqlashni istardim. Ammo bu ishni qilishimdan oldin otam mehr bilan shunday dedi:

– Baxtli ekanligingni ko‘rish qanday yaxshi! Doim shunday bo‘l, bolajonim Mio!

Otam uni anchadan buyon kutayotgan bog‘bonning oldiga ketdi. Men esa bog‘ bo‘ylab chopib yurardim. Bularning barchasidan boshim aylanar, xuddi to‘yguncha asalli sharbat ichgandek mast edim. Oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmas, bir joyda turmas, raqsga tushar, bilaklarim kuchga to‘lgandek edi go‘yo. Hozir Benka yonimda bo‘lganidami! U bilan jang qilardim, albatta yolg‘ondakam. Ha, menga faqatgina Benka yetishmayotgandi. Bechoragina, hozir Tegner bog‘ida chopib yurgandir, u yerda esa yomg‘ir yog‘yapti, shamol esmoqda, buning ustiga qorong‘i. Menimcha, u yo‘qolganimdan xabar topgan, g‘oyib bo‘lganimdan hayron bo‘lsa kerak. Boyaqish Benka. Birgalikdagi kunlarimiz qanday quvnoq o‘tardi. Hozirgi hayotimda o‘rni eng ko‘p bilinayotgan inson aynan u edi. Qirol-otamning bog‘ida aylanib yurarkanman, to‘satdan Benkani sog‘indim. Undan boshqa insonning sog‘inchi meni qiynamayotgandi. Albatta, Lundin xolani ham sog‘inayotgandim, axir u menga juda mehribon edi. Ammo hammadan ko‘proq Benkani eslardim.

O‘ylarimga g‘arq bo‘lib, egri so‘qmoqdan jimgina borardim. Birdan boshimni ko‘tardim. Qarshimda kimdir turardi… Kim deb o‘ylaysiz? Benka! Yo‘q, u Benka emasdi. Oldimda xuddi Benkanikidek quyuq kashtan rangli sochi, jigarrang ko‘zi bor bola turardi.

– Kimsan? – so‘radim undan.

– Yum-Yum, – javob berdi bola.

U Benkaga juda-juda o‘xshar, lekin do‘stimdan jiddiyroq, mehribonroqdek taassurot qoldirdi. Albatta, Benka ham mehribon edi, xuddi mendek. Ammo oramizda ba’zan kelishmovchiliklar, hatto janjallar ham bo‘lib turardi. Albatta, tezda yarashib olardik. Yum-Yum bilan esa urushishning deyarli iloji yo‘q.

– Ismimni bilasanmi? – deb so‘radim undan. – Busse, deb o‘ylayotgandirsan? Umuman unday emas, yo‘q, meni ilgari shunday atashardi.

– Ismingni bilaman, Mio, – dedi Yum-Yum. – Qirolimiz shahzoda uyga qaytganligini xabar qilish uchun butun mamlakat bo‘ylab choparlar jo‘natdi.

Otamning topilganimdan quvonganligi qanday yaxshi! U hattoki butun saltanat aholisi bilan quvonchini bo‘lishgisi kelibdi.

– Sening otang bormi, Yum-Yum? – so‘radim yangi do‘stimdan.

– Albatta bor, – javob berdi u. – Mening otam – qirollik bog‘boni. Yur, qayerda yashashimni senga ko‘rsataman.

Va Yum-Yum egri so‘qmoq bo‘ylab meni bog‘ning eng adog‘igacha boshlab bordi. U yerda xuddi ertaklardagidek poxol tomli mittigina oq uycha turardi. Devorlar va tomda atirgullar shu qadar quyuq o‘sgandiki, uycha deyarli ko‘rinmasdi. Darchalar lang ochiq, oppoq qushlar goh uyga uchib kirar, goh tashqariga chiqardi. Uycha yonida stol va o‘rindiq turar, orqadan asalarilarning g‘uvullashi quloqqa chalinardi. Tevarakda kumush bargli tol va teraklar shovullardi. Oshxonadan kimningdir ovozi keldi.