реклама
Бургер менюБургер меню

Эрик-Эмманюэль Шмитт – Oskar va pushti xonim (страница 2)

18

– Mening operatsiyamdan yaxshi natija chiqmadi, shundaymi, Roza buvi?

Roza buvi javob bermadi. Bu uning «ha» degan javobini anglatadi.

Uni tushunganimga ishonch hosil qilgandan so‘ng, men tomonga egildi va yolvorgandek dedi:

– Men senga hech narsa aytmadim. Qasam ich!

– Qasam ichaman.

Biz yangi xayollarimizni hazm qilish uchun bir zum jim qoldik.

– Oskar, – dedi u birdan, – Xudoga maktub yozsak-chi?

– Yo‘q, faqat siz emas, Roza buvi!

– Nega? Nima uchun men emas?

– Siz emas! Men siz aldashingiz mumkin emas deb o‘ylagan edim.

– Chindan, seni aldamayapman, axir.

– Bo‘lmasa siz nima uchun Xudo haqida so‘z ochdingiz? Men Qorbobo haqidagi ertakni eshitganman. Shuning o‘zi yetarli!

– Lekin Oskar, Xudo va Qorbobo o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.

– Yo‘q, bor. Bu aynan bir narsa. «Aqlni chalg‘itish» kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati!

– Tasavvur qilyapsanmi, men maydonda o‘ttiz yil umrimni sarflab, bir yuz oltmish besh janglarimdan bir yuz oltmishtasida g‘alaba qozonib, ulardan qirq uchtasida nokautda zafar quchganimdan so‘ng, men – langedoslik bo‘g‘uvchi ayol bir soniyaga bo‘lsa ham Qorboboga ishonishim mumkinmi?

– Yo‘q!

– Shunday qilib, men Qorboboga ishonmayman, Xudoga ishonaman.

– Nima uchun Xudoga yozishim kerak? – so‘radim uning so‘zlaridan ilhomlanib.

– Shunda o‘zingni unchalik yolg‘iz sezmaysan.

– Siz ko‘proq ishonadigan mo‘jiza bilan unchalik ham yolg‘izlikni his qilmaymanmi?

Roza buvi boshim tomon egildi.

– Xudoga ishonishing bilanoq, u har safar avvalgiga qaraganda senga yanada yaqinroq kelaveradi. Unga sabr-toqatli ekanligingni ko‘rsat va u albatta, sen uchun mavjud bo‘ladi.

– Unga nima haqida yozishim kerak?

– Ichingdan kechayotgan fikrlaringni ishonib topshir. Aytilmagan fikrlar zararli, ular senga og‘riq berishi, xafa qilishi, harakatchanlikdan mahrum etishi va yangi fikrlar tug‘ilishiga imkon bermasligi mumkin. Agar ularni tashqariga chiqarmasang, u holda miyang eski fikrlarning badbo‘y hidli axlatxonasiga aylanib qoladi.

– Xo‘sh, shunday deb aytaylik…

– Keyin, shuni bilki, Oskar, Xudoga murojaat qilganingda, har safar faqat bitta narsani so‘rashing mumkin. Yodingda bo‘lsin, faqat bitta!

– Roza buvi, sizning Xudoyingiz shunchalik kuchsizmi? Olovuddin o‘zining jin chirog‘iga uchta tilagini aytishi mumkin edi.

– Axir, butun hayoting uchun uchta tilakdan ko‘ra, har kuni bitta tilaging bo‘lgani yaxshi emasmi, Oskar?

– Mayli. Shunday qilib, men undan istagan narsamni so‘rashim mumkin, shundaymi? O‘yinchoqlar, konfetlar, mashina…

– Yo‘q, Oskar. Xudoni Qorbobo bilan adashtirma. Sen undan faqat ichki hissiyotlaring bilan bog‘liq orzularing haqida so‘rashing mumkin.

– Masalan?

– Masalan: jasorat, sabr-toqat, ma’rifat haqida.

– Ha, tushunarli.

– Bundan tashqari, Oskar, sen undan boshqalarga ham rahm-shafqat ko‘rsatishini so‘rashing mumkin.

– Unaqasi bo‘lishi mumkin emas, Roza buvi, kuniga faqat bitta tilak bo‘lsa – men uni aniq o‘zim uchun saqlab qo‘yaman!

Shunday qilib, Xudojon, bu mening senga atalgan birinchi maktubim edi. Dastlab senga meni tibbiyot uchun to‘siq deb ko‘rishuvchi joy – shifoxonada qanday hayot kechirayotganim haqida qisqacha aytib berdim. Endi sendan aniqlik kiritishingni so‘rayman: men tuzalib ketamanmi? Javob ber: ha yoki yo‘q. Bu unchalik qiyin emas shekilli. Ha yoki yo‘q. Keraksiz narsalarni o‘chirib tashladim.

Ertagacha. O‘pib qolaman,

Oskar.

P.S. Menda manziling yo‘q, senga qanday qilib xat jo‘natsam bo‘ladi?

Xudojon!

Qoyil! Kuchli ekanligingga ana endi chindan ishondim. Senga xat yuborishga ulgurmasimdan avval, javob oldim. Qanday qilib buning uddasidan chiqasan?

Bugun ertalab Eynshteyn bilan xollda shaxmat o‘ynayotganimda, Popkorn meni ogohlantirish uchun oldimizga kirib o‘tdi.

– Ota-onang shu yerda.

– Ota-onam?! Ishonish qiyin. Ular faqat yakshanba kunlari kelishardi-ku!

– Men ularning mashinasini ko‘rdim, yuqorisi oq rangli qizil jip.

– Bo‘lishi mumkin emas.

Hayron bo‘lib, shaxmat taxtasi oldiga qaytib keldim. Ammo diqqatimni jamlay olmadim, bundan tashqari, Eynshteyn sipohlarimni yengib oldi va bu meni yanada ko‘proq g‘azablantirdi. Uning ismi boshqalarga qaraganda aqlli bo‘lib eshitilgani uchungina Eynshteyn emas. Yo‘q. Shunchaki uning boshi biznikiga nisbatan ikki barobar kattaroq. Aytishlaricha, u yerda, ya’ni Eynshteynning boshida suv bor ekan. Afsuski, bu aynan miyada sodir bo‘lgan, aks holda Eynshteyn aql bovar qilmas narsalarni amalga oshirishi mumkin edi…

Musobaqamiz mag‘lubiyat sari ketayotganini ko‘rib, o‘yinni to‘xtatdim va Popkornning ortidan oynalari avtoturargohga chiquvchi xona tomon yugurdim. U haq edi: aniq ota-onam kelishgan.

Senga shuni aytishim kerakki, Xudojon, uyimiz bu yerdan uzoqda joylashgan. Men u yerda yashaganimda buni tushunmasdim, lekin endi, uyda yashamayotganligim uchun, uyimiz bilan kasalxona orasidagi masofa haqiqatan ham uzoqdek tuyuladi. Bundan tashqari, ota-onam haftada faqat bir kun, yakshanba – dam olish kunlari meni ko‘rgani kelishlari mumkin.

– Xo‘sh, kim haq ekanligiga ishonch hosil qildingmi? – dedi Popkorn. – Ota-onang ko‘rgani kelishganini aytganim uchun menga nima berasan?

– Menda yong‘oqli shokolad bor.

– Qulupnaying boshqa qolmadimi?

– Yo‘q.

– Mayli, unda shokolad ham bo‘laveradi.

Albatta, men Popkornga yegulik bermasligim kerak edi, chunki uni vazn yo‘qotishi uchun kasalxonaga joylashtirishgandi. To‘qqiz yoshda – to‘qson sakkiz kilogramm. U kiyishi mumkin bo‘lgan yagona narsa, bu amerikancha yo‘l-yo‘l polo sviteri edi. Bundan tashqari, bu chiziqlarni ko‘rgan hammada dengiz kasalligi boshlanardi.

Rostini aytganda, na men va na do‘stlarimning hech biri u qachondir vazn yo‘qotishiga ishonmaymiz. Chunki Popkornning qorni doimo och bo‘ladi, hammamiz unga achinamiz va yeyishga ulgurmagan ovqatlarimizni beramiz. Bunday katta yog‘ hajmiga nisbatan kichkinagina shokolad nima bo‘pti! Ehtimol, biz haq emasdirmiz, lekin hatto hamshiralar ham unga shamchali muolaja qilishni to‘xtatdilar.

Ota-onam kelishlarini kutib, xonamga qaytib keldim. Dastlab, halloslaganimdan qancha vaqt o‘tganini tushunmadim, keyin ular allaqachon ol dimga yigirma marta kelib-ketishga ulgurgan bo‘lishlari kerakligini angladim.

To‘satdan ular qayerda bo‘lishlari mumkinligi xayolimdan o‘tdi. Yo‘lakka chiqdim, hech kim buni sezmadi; zinapoyadan pastga tushdim, keyin esa yarim qorong‘ilik og‘ushida shifokor Dyusseldorfning xonasiga yetib keldim.

Albatta! Ular shu yerda edilar. Eshik ortidan ota-onamning ovozlari eshitilardi. Tez harakat qilganim uchun kuchimni yo‘qotgandim, shuning uchun bir necha soniya nafasimni rostlab olishim, yuragim bir maromda urishini kutishim kerak edi. Shunda… oshkor etilishi lozim bo‘lmagan haqiqatni eshitib qoldim. Onam dod solar, shifokor Dyusseldorf esa tinmay takrorlardi: «Biz allaqachon barchasini sinab ko‘rdik, ishoning, biz hammasini sinab ko‘rdik». Otam g‘amgin ovoz bilan yon berardi: «Men bunga aminman, doktor bunga aminman».

Temir eshikka qulog‘imni qo‘ygancha, turgan joyimda qotib qoldim. Bilmayman, nima sovuqroq edi: metallmi yoki men o‘zim?

Keyin shifokor Dyusseldorf shunday dedi:

– Uni ko‘rishni istaysizmi?

– Mening irodam yetmaydi, – javob berdi onam.

– U bizni zaif, nochor holatda ekanligimizni ko‘rishini xohlamayman, doktor, – qo‘shimcha qildi otam ham.

Shunda ota-onam shunchaki qo‘rqoq ekanliklarini angladim. Yo‘q, undan ham yomonrog‘i esa ular meni ham o‘zlari kabi qo‘rqoq deb hisoblaydigan qo‘rqoqlardir!