реклама
Бургер менюБургер меню

Астрид Линдгрен – Uzunpaypoq Peppi (страница 3)

18

– Peshonada borini ko‘ramiz, Tommi, – dedi Peppi. – Hech qaysi iskovuch hali o‘ljasiz qaytmagan. Lekin shoshilishga majburmiz, tag‘in biz yo‘lga tushmay turib boshqa iskovuchlar yaqin atrofdagi barcha oltin qoldiqlarini terib ketishmasin.

Mana, uch iskovuch ne-ne umidlar bilan yo‘lga chiqishdi. Ular iskovuchlikni qo‘shnilarning uylari atrofidan boshlashni reja qilishdi, sababi Peppi aytganidek, zo‘r berib qidirsangiz, daraxtlar kovagidan burama mixmi, suyakmi topish mumkin, lekin eng yaxshi narsalar har doim uylar atrofidan topilgan.

– Lekin bilasizmi, ba’zan buning teskarisi ham bo‘lib turadi, – dedi Peppi. – Haliyam esimda, bir gal Borneo orolida iskovuchlik qilib yurganimda shundoqqina o‘rmonning qoq o‘rtasida ajoyib narsaga duch keldim. Nima topib olganimni tasavvur qila olasizmi? Yo‘q, albatta. Alomat bir yog‘och oyoq topib olganim qayerdan ham xayolingizga kelardi. Keyinroq men bu yog‘och oyoqni bir oyog‘i cho‘loq cholga sovg‘a qilgandim. Bechora chol o‘shanda bunday ajoyib yog‘och oyoqni pul evaziga ham, jon evaziga ham hech qayerdan topib bo‘lmasligini aytib, qayta-qayta tashakkur izhor qildi.

Tommi va Annika iskovuch qanday harakat qilishi kerakligini o‘rganish uchun bir zum Peppini kuzatib o‘tirishdi. Peppi yo‘lning u chetidan bu chetiga xuddi bo‘zchining mokisiday yugurar, qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha nimalarnidir izlayverardi. Bir qarasa to‘rt oyoqlab emaklar, bir qarasa qo‘llarini panjaralar orasiga tiqib, hafsalasi pir bo‘lgan ohangda: «Hozirgina mana shu yerda oltin parchasini ko‘rganimga aminman», derdi.

– Nima topilishidan qat’i nazar hammasini olaversak bo‘ladimi? – so‘radi Annika.

– Ha, yerda yotgan nimaiki bo‘lsa, barchasini olishga haqlimiz.

Ayni shu payt uchovlon uyining tashqarisidagi maysazorda yotgan qariyaga duch kelishdi.

– Mana, – dedi Peppi, – bu odam ham yerda yotibdi, biz esa uni topib oldik. Uni olib ketamiz!

Buni eshitgach, Tommi va Annikaning rangi bo‘zday oqarib ketdi.

– Yo‘q-yo‘q, Peppi. Keksa janobni olib ketolmaymiz, buning iloji yo‘q, – dedi Tommi. – Axir uni olib ketib nima ham qilardik?

– Nima ham qilardik, deysanmi? Eh, azizim, u bizga judayam ko‘p narsada qo‘l kelishini bilmaysan-da! Masalan, biz uni quyon o‘rnida kichkina qafaschaga qamab, momaqaymoq berib boqishimiz mumkin. Tag‘in o‘zingiz bilasiz, siz xohlamasangiz, menga umuman farqi yo‘q. Lekin baribir boshqa iskovuch kelib, shunday o‘ljani ilib ketishi haqida o‘ylash menga hech tinchlik bermaydi-da.

Ular yana yo‘lda davom etishdi. Yo‘lda ketayotib qo‘qqisdan Peppi baqirib yubordi.

– Umrimda bunaqasini ko‘rmagan edim, – dedi u zanglab ketgan konserva qutisini o‘t-o‘lanlar orasidan olarkan. – Naqadar betakror topilma-ya! Naqadar bebaho topilma! Bunday narsalar har doim taqchil bo‘lgan.

– Buning nimasi bebaho? – shubha bilan qarashdi aka-singil.

– Eh, sizga aytsam, buning foydalarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi, – dedi Peppi. – Avvalo, bundan shirinliklarni solib qo‘yish uchun foydalanish mumkin. Shunda u shirinlik to‘la antiqa bankaga aylanadi. Yana bir yo‘li, unga shirinliklarni qo‘ymasa ham bo‘ladi. Shunda u shirinliklarsiz antiqa bankaga aylanadi. To‘g‘ri, buni juda antiqa deb ham bo‘lmaydi-yu, harqalay, yomon emas.

Peppi zanglagan konserva qutini ko‘zdan kechira turib, quti tubida teshigi borligini aniqladi.

– Aftidan, bu ilgari shirinliksiz banka bo‘lganga o‘xshayapti, – dedi Peppi. – Lekin uni boshingizga kiyib, o‘zingizni xuddi yarim kechasi uyg‘oq o‘tirganday his qilishga juda qo‘l keladi.

Peppi aytganiday konserva idishini boshiga kiyib oldi. Peppi boshiga zanglagan konserva idishni kiyib olgancha to simli panjaraga qoqilib, yuztuban yiqilmaguncha uylar oralab xuddi pastakkina temir minoraga o‘xshab u yerdan bu yerga aylanib yuraverdi. Boshidagi tunuka yerga urilganida quloqni qomatga keltiradigan taraqlash eshitildi.

– Ana, ko‘rdingizmi buning foydasini? Agar mana shu idishni boshimga kiyib olmaganimda qornim bilan emas, yuzim bilan yiqilib anchagina ayanchli jarohat olgan bo‘lardim.

– To‘g‘ri, – dedi Annika, – lekin shunisi ham borki, agar mana shu matohni boshingga kiyib olmaganingda simto‘siqqa qoqilib yiqilmagan bo‘larding.

Annika gapini tamomlamay turib tag‘in Peppining tanish qichqirig‘i eshitildi. Bu gal uning qo‘lida kalava ipdan bo‘shagan g‘altak naychasi turardi.

– Voh, bugun o‘ziyam kaminaning omadi chopadigan kun shekilli, – dedi u. – Qarang-a, naqadar kamyob naycha bu. Buning yordamida sovunli suvda ko‘pikchalar puflasa ham bo‘ladi yoki bo‘yningizga mo‘jazgina taqinchoq sifatida ilib yursangiz, biram yarashadi-yey. Uyga borganim zahoti bundan jajji taqinchoq yasayman.

Ayni shu payt yaqin atrofdagi hovlilardan birining darvozasi lang ochilib, u yerdan bir bola yugurib chiqdi. Uning qizarib-bo‘zargan aftini ko‘rib hayratlanmasa ham bo‘lardi, chunki shu lahzaning o‘zidayoq uning ortidan beshta bola izma-iz quvib kelishdi. Ular bolani chaqqonlik bilan tutib olishdi-da, panjaraga tirkagancha beshovlon baravariga do‘pposlay ketishdi. Bechora bola yig‘lar va o‘zini himoya qilish uchun yuzini qo‘li bilan to‘sishga urinardi.

– Ta’zirini bering uni! Yaxshilab tushiring, toki bu tirrancha bizning ko‘chamizda boshqa qorasini ko‘rsatmaydigan bo‘lsin! – deb baqirardi bolalarning ichida eng yoshi katta va eng kuchlisi.

– Oh, yo‘q, ular bechora Villini ayamay kaltaklashyapti, – dedi Annika. – Odam degani ham shunchalik shafqatsiz bo‘ladimi?

– Haligi barzangining ismi – yaramas Bengt. U qachon qarama janjallashib yuradi, – dedi Tommi. – Lekin bir kishiga qarshi besh kishi – bu o‘taketgan nomardlik!

Peppi haligi bolalar tomonga borib, yaramas Bengtning orqasiga ko‘rsatkich barmog‘i bilan nuqib qo‘ydi.

– Salom, bolakay! – dedi u. – Menga ayt-chi, nimani reja qilyapsan? Bechora Villiginani beshovlon birvarakayiga urib, abjag‘ini chiqarmoqchimisiz?

Bengt ortiga o‘girilib, ilgari hech qayerda uchratmagan yovvoyi tabiat qizni ko‘rdi. U qizga bir muddat tikilib turdi, so‘ng esa og‘zi qulog‘iga yetar darajada tirjaydi.

– Yigitlar, – dedi u oliftalik bilan, – hoy yigitlar, ovsar Villini qo‘ya turing, yaxshisi, mana bu alvastini ushlang!

Bengt sonlariga shapatilab kula boshladi. Zum o‘tmay ko‘zlarini piqillab artgancha oyoq uchida yurib Tommining yoniga kelib olgan Villidan boshqa barcha bolalar Peppining atrofini o‘rab olishdi.

– Yigitlar, umringizda mana bu alvastiniki kabi beo‘xshov sochni ko‘rganmisiz? Sochlaring qip-qizil olovday-ku, alvasti. Mana bunday poyabzalni-chi? – davom etdi Bengt. – Bir poyini menga berib turolmaysanmi, a, qizaloq? Ayni shu kunlarda eshkak eshgani daryoga bormoqchi edim, qayiq qilib ishlatishga berib tur.

Bengt Peppining echki kokillaridan birini g‘ijimladi-yu, shu zahoti qo‘lini uzib olib, uni masxara qildi:

– Voy-voy, qo‘lim kuydi-ku!

Shundan so‘ng barcha bolalar qo‘lma-qo‘l Peppining atrofini aylana qilib olgancha sakrab o‘ynashni boshlashdi:

– Qizilbosh! Qizilbosh!

Peppi doira o‘rtasida turib, ularga do‘stona jilmayib qo‘ydi. Bengt uning jahli chiqishini va yig‘lab yuborishini kutgan edi. Jilla qursa, rangi oqarishi kerak edi. Umidi chippakka chiqqanini bilgach, Bengt Peppini jahl bilan itarib yubordi.

– Menimcha, sen xonimlar bilan qanday muomala qilishni bilmaydiganga o‘xshaysan.

Peppi shunday deya uni kuchli qo‘llari bilan balandga ko‘tarib, qayin daraxtining shoxiga ilib qo‘ydi. Keyingi bolani ham olib, boshqa bir shoxga osib qo‘ydi. Boshqa birini esa darvoza yaqinidagi panjaraga ilib qo‘ydi, to‘rtinchi bolani esa aylantirib otgan edi, u bechora bog‘ ichidagi gulzor ustiga gup etib yiqildi. Bezorilarning eng so‘nggisini esa yo‘l chetidagi bolalar aravachasiga joylab qo‘ydi. Bizning uchala qahramonimiz – Peppi, Tommi, Annika va Villi har yerda cho‘zilib yo osilib yotgan bolalarga bir muddat qarab turishdi. Bazorilar nafaqat yer tishlagan, balki qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titramoqda edilar.

– Shunchalik ham qo‘rqoq bo‘ladimi odam? Bir kishiga besh kishi bo‘lib hujum qilish – qo‘rqoqlar ishi. Qolaversa, himoyasiz va ojiz qizchani itarib yuborish yaxshimi? O‘taketgan pastkashlik bu!

Peppi u yoq bu yog‘ini biroz tuzatgan bo‘ldi-da, do‘stlariga:

– Yuringlar, uyga qaytamiz, – dedi. So‘ng Villiga yuzlandi: – Mabodo yana seni ranjitadigan bo‘lishsa, kelib menga aytaver. Daraxt shoxida osilib, miq etishga yuragi betlamay turgan Bengtga aytilajak gapini ham unutmadi.

– Xo‘sh, bolakay, sochim yoki poyabzalim haqida yana biror nimani bilish niyating bormi? Bo‘lmasa, juda yaxshi, uyga ketishimdan oldin aytib olganing ma’qul edi-da.

Biroq Bengt uning na sochi, na poyabzali haqida lom-mim deyolmadi. Peppi bir qo‘lida zanglagan konserva idishni, ikkinchi qo‘lida kalavadan bo‘shagan g‘altak naychasini tutgancha Tommi va Annikaning ortidan ergashdi.

– Qadrdonlarim, bunaqasi ketmaydi, – dedi Peppi uyga qaytishgach. – Bugun men uchun ov baroridan keldi: naq ikkita o‘ljaga erishdim. Lekin sizlar birorta xas ham topa olmadingiz. Shunday ekan, yana biroz iskovuchlik qilsangiz bo‘larmidi? Tommi, anavi qurigan daraxt kovagini bir titkilab ko‘rmaysanmi? Bilsang, iskovuchlik uchun daraxt kovagidan yaxshi joy yo‘q bu dunyoda.

Tommi na o‘zi, na Annikaning biron nima topa olishiga ko‘zi yetmasa-da, Peppining so‘zlarini yerda qoldirmaslik uchun qo‘lini qurigan daraxt kovagiga ohista tiqdi.