Non tutib turibdi yengliklarida.
Ozodlik yagona,
Ozodlik – bayroq
Ulkan Osiyoning kengliklarida!
Bugun alqagaymiz erka ruhini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!
Yurt qadrini so‘ragil
musofirlardan,
Erkinlik qadrini qullardan so‘ra.
Sulton suyagi xor,
ha, kofirlardan,
Jaloliddin – sherdil, erlardan so‘ra!
Ajdodlar yo‘lidir —
Istiqlol yo‘li,
Ular kalimasi bizga madadkor.
Sohibqiron turar,
gullar o‘ng-so‘li,
Surati – siyrati ulug‘vor, poydor!
O‘zbekyurt kuylaydi shonu madhini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!
Vatan, tarixingda
Turkiston bo‘lib
Ne buyuk Davlatlar qurib yashading.
Sarhadsiz sarhadlar,
dengizday to‘lib,
Ne-ne saltanatlar evrib yashnading!
Mening pirim erur
Qul Hoja Ahmad,
Ona tilim asli “Hikmat” tilidir!
Navoiy – Allohdan
berilgan Davlat —
Millatim komili, millat piridir!
O, bugun tinglayman pirlar shukrini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!
Tugadi yo‘lsizlik,
Qaytdi shon-shavkat,
Ipak yo‘llarida muazzam karvon,
O, qaytdi Qur’onim —
ilohiy qudrat,
Qaytdi Farg‘oniylar – fozili jahon.
Gulchambar, olqishga
doxil, muyassar,
O, o‘zbek dehqoni, o, tillo bobo,
O‘tib ketibdi-ku
bir yarim asr,
O‘zi o‘z yeriga qaytgunicha to!
Unutib bo‘lgaymi yovlar qahrini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!
Men fikr uqaman
olis yuzlardan.
Dil-dilim Tangrimning makoni erur.
Shahidlar maydoni,
kezdim izlardan,
Qodiriy, Cho‘lponlar ko‘zlarida nur.
Ularning qalami
qolmadi yerda,
Yo‘q ular sozlari qolmadi g‘arib.
Kuyladi qasoskor
hur ohanglarda
Ulkan minbarlardan Abdulla Orif!
O‘paman yurtimning tuproq, tug‘ini,
Xalqim oldi abad Hurlik muhrini!
Bugun qurilmoqda
buyuk Imorat,
Buyuk bunyodkorga mangu tashakkur!